Запись - Toshkent ko‘chalarida parkomatlar tashkil etish tendersiz bitta kompaniyaga berildi
Язык: RU Помощь

Toshkent ko‘chalarida parkomatlar tashkil etish tendersiz bitta kompaniyaga berildi

Toshkent shahar hokimligi poytaxtning 10 ta markaziy ko‘chasida pulli parkomatlar tashkil etishni “Kasy Park” MChJga topshirdi. Iqtisodchi buni “navbatdagi parazit monopoliya yaratishning ibtidosi” deb atadi: “10 ta ko‘chani kamida ikkita yoki uchta lotga ajratish va ularni o‘zaro affillanmagan, turli kompaniyalarga taklif etish mumkin edi”.
“Toshkent shahar jamoat transport tizimini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qaroriga muvofiq, poytaxtning 10 ta markaziy ko‘chasida davlat-xususiy sheriklik asosida pulli to‘xtash joylari tashkil etilishi ko‘zda tutilgandi. Ro‘yxatga Fidokor, Amir Temur, Nukus, Bratislava, Mirobod, Glinka, Avliyoota, T.Shevchenko, Said Baraka, Moshtabib, Yakub Kolas ko‘chalari kiritilgan.

Toshkent shahar hokimining 2022 yil 29 dekabrdagi qarori bilan yuqoridagi ko‘chalarda pulli to‘xtash joylarini tashkil etish “Kasy Park” MChJga topshirilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi Toshkent shahar transport boshqarmasi va “Kasy Park” o‘rtasida tuzilgan DXSh shartnomasini 22 avgust kuni ro‘yxatga olgan. Loyiha qiymati – 9,732 mlrd so‘m. Shartnoma muddati – 10 yil.

Kelishuvga ko‘ra, belgilangan ko‘chalardagi yo‘l bo‘yi joylari parkomat va elektromobillarni quvvatlash qurilmalarini o‘rnatish uchun “Kasy Park” MChJga ijaraga berilgan. Korxona bu joylarda kapital, yengil turdagi bino-inshootlarni qurish va boshqa turdagi yordamchi qurilmalarni o‘rnatmaslik majburiyatini olgan.

Uch oy muddatda pulli to‘xtash joylarining elektron platformasi IIV Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati “Ma’muriy amaliyot” axborot tizimiga hamda “Raqamli Toshkent” kompleks dasturiga integratsiya qilinishi belgilangan.

“Kasy Park” MChJ 2018 yil 7 martda Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan. Asosiy faoliyat turi – yog‘och, qurilish materiallari va sanitariya-texnik vositalarning ulgurji savdosi. Ustav kapitali 10 mln so‘m. Kompaniyaning 60 foiz ulushi Fozilov Mirodil Nig‘matjon o‘g‘liga, 40 foiz ulushi “Old Folk” kompaniyasiga tegishli. Rahbari – Sultonxo‘jayev Sarvar Anvar o‘g‘li.
Комментарии 0
Пока нет комментариев
Извините, для вас комментирование недоступно
Ко всем записям